Kengash haqida

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi muaassisligidagi Yosh huquqshunoslar Kengashi nodavlat notijorat tashkiloti Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 25-yanvar kuni davlat ro‘yxatidan o‘tgan.

2018-yil 1-martdan boshlab, Yosh huquqshunoslar Kengashi NNT o‘z faoliyatini rasman boshladi. Kengashning asosiy maqsadi – bu mamlakatimizning turli hududlarida olib borilayotgan sud-huquq islohotlari jarayonida yoshlarning ishtirokini yanada faollashtirish, yosh avlod vakillarini qonunga hurmat ruhida tarbiyalash, turli zararli illat va yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, yoshlarning huquqiy ongi va madaniyati, bilimlari hamda mas’uliyatini muntazam oshirib borish hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan iborat bo‘lib, “Yoshlar kelajagi qonunga rioya qilishdan boshlanadi” shiori ostida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.

Kengash o‘z vazifa va funksiyalarini amalga oshirish uchun Huquqbuzarliklar profilaktikasi, Yoshlar manfaatlarini sud va suddan tashqari himoya qilish, Huquqbuzarlik sodir etgan yoshlar bilan ishlash, Tashkiliy kadrlar va axborot tahlil bo‘limlari, Yuridik klinika hamda Matbuot xizmatidan iborat tarkibda shakllantirilgan.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limining asosiy faoliyat yo‘nalishlari sifatida yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish yo‘li bilan ularda turli mafkuraviy tahdidlarga, xususan, diniy ekstremizm, terrorizm, “ommaviy madaniyat” va boshqa yot g‘oyalarga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish orqali ular o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, 2010-yil 29-sentyabrda qabul qilingan “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonunni hayotga tatbiq qilishga ko‘maklashish belgilangan.

Yoshlar manfaatlarini sud va suddan tashqari himoya qilish bo‘limining asosiy faoliyat yo‘nalishlari sifatida jinoyat ishlari ko‘rilayotganda yoshlarning shaxsini, oilaviy sharoitini, ma’naviy muhitini o‘rganib chiqish orqali jinoyat ishi sudda ko‘rilayotgan yoshlarning jinoyat ishlari bo‘yicha sud ishlarida jamoa himoyachisi tariqasida ishtirok etib, kafolat xatlari berish orqali ularni sudda javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilishda ishtirok etadi, shuningdek huquqbuzarlik sodir etgan yoshlarga huquqiy yordam ko‘rsatishi belgilangan.

Huquqbuzarlik sodir etgan yoshlar bilan ishlash bo‘limining asosiy faoliyat yo‘nalishlari sifatida kafillik asosida sudda javobgarlik yoki jazodan ozod qilingan shaxsni sog‘lom muhitga qaytarish, o‘qish yoki kasbga yo‘naltirish borasida aniq va maqsadli individual dasturlar ishlab chiqish orqali ularni yangi huquqbuzarlik sodir etishini oldini olish, jamiyat uchun foydali yo‘lga kirishiga ko‘maklashishi belgilangan.

Yuridik klinikaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari sifatida nafaqat yoshlarga, balki aholining barcha qatlamlariga fuqarolik, oila, iqtisodiy, jinoyat, jinoyat-protsessual, xalqaro huquq sohalarida beg‘araz huquqiy yordam ko‘rsatish yo‘li bilan ularning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, ularga malakali yuridik yordam ko‘rsatishi belgilangan. Huquqiy yordam og‘zaki yoki yozma yoxud elektron shaklda bo‘lishi, uni Kengash yoki uning rasmiy ijtimoiy tarmoqlarida muntazam ravishda yo‘lga qo‘yishni o‘z oldiga ustuvoq maqsad qilib belgilagan.

2017-yil 5-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O‘zbekiston yoshlari ittifoqi Markaziy kengashi o‘rtasida imzolangan o‘zaro hamkorlik memorandumi asosida yoshlar kafilligiga olish boshlangan edi. O‘tgan uch oy davomida respublika bo‘yicha 170 nafardan ziyod yosh Yoshlar ittifoqi kafilligi ostida sud zalidan ozod etildi. Bundan ko‘zlangan maqsad — shaxsni jazoni ijro etish muassasalarida emas, balki jamiyatda qaytadan tarbiyalash. Hozir bu yoshlarga jamiyatda o‘z o‘rnini topishga ko‘maklashilmoqda. Aniqrog‘i, ular biznes, tadbirkorlik singari sohalarga yo‘naltirilmoqda.

  • Ulashing: