Kengashning ustavi

YOSH HUQUQSHUNOSLAR KЕNGASHI

nodavlat notijorat tashkilotining

USTAVI

1-BOB. UMUMIY QOIDALAR

1.1. Yosh huquqshunoslar kengashi nodavlat notijorat tashkiloti (keyingi o‘rinlarda Kengash deb yuritiladi) respublikamizdagi yosh huqushunoslarning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishga har tomonlama ko‘maklashish va shart-sharoitlarni yaratish, o‘sib kelayotgan yosh avlodning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, hududlarda olib borilayotgan sud-huquq islohotlari jarayonida yoshlarning ishtirokini yanada faollashtirish hamda yosh avlod vakillarini qonunga hurmat ruhida tarbiyalash, turli zararli illat va yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish maqsadida muassasa tashkiliy-huquqiy shaklida tuzilgan nodavlat notijorat tashkilotidir.

1.2. Kengash O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi qaroriga asosan tashkil etilib, uning muassisi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hisoblanadi.

1.3. Kengash o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunlari va nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi boshqa normativ-huquqiy hujjatlar hamda mazkur Ustavga muvofiq yuritadi.

1.4. Kengash qonun hujjatlariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan, mazkur Ustavga asosan faoliyat yurituvchi alohida bo‘linmalarni, ya’ni Kengashning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy bo‘linmalarini (keyingi o‘rinlarda hududiy Kengashlarini) hamda Kengashning shahar va tuman mahalliy bo‘linmalarini (keyingi o‘rinlarda mahalliy Kengashlarini) tashkil etish huquqiga ega.

1.5. Kengash belgilangan tartibda blankasi, o‘zining shiori, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan ramzi, web-sayti va bosma ommaviy axborot vositalariga (ilmiy-uslubiy jurnallar) ega bo‘lishi mumkin.

1.6. Kengashning doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi rahbar organi joylashgan joy (pochta manzili): Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Qatortol ko‘chasi, Ma’muriy hudud binosi 60-uy.

1.7. Kengash o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshiradi.

1.8. Kengashning to‘liq nomi:

davlat tilida kirill yozuvida - Ёш ҳуқуқшунослар Кенгаши нодавлат нотижорат ташкилоти;

davlat tilida lotin yozuvida - Yosh huquqshunoslar Kengashi nodavlat notijorat tashkiloti;

rus tilidagi to‘liq nomi - Негосударственная некоммерческая организация Coвет молодых юристов.

II BOB. KЕNGASHNING MAQSAD VA VAZIFALARI

2.1. Kengashning asosiy maqsadi - bu mamlakatimizning turli hududlarida olib borilayotgan sud-huquq islohotlari jarayonida yoshlarning ishtirokini yanada faollashtirish, yosh avlod vakillarini qonunga hurmat ruhida tarbiyalash, turli zararli illat va yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, yoshlarning huquqiy ongi va madaniyati, bilimlari hamda mas’uliyatini muntazam oshirib borish hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan iborat.

2.2. Kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

– yoshlar, ayniqsa uyushmagan yoshlar bilan ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish;

– O‘zbekiston Respublikasi “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoshlarni sud, tergov organlari tizimi va faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida sud va boshqa huquqni muhofaza etuvchi organlar binolarida turkum uchrashuvlarni tashkil etish;

– Qonunchilikda belgilangan tartibda yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, sud-huquq tizimidagi islohotlardan boxabar etish, ularni qonunga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida sud binolarida o‘tkaziladigan ochiq sud majlislari jarayonlarida ishtirokini ta’minlash;

– huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, shu jumladan huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va bunga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligini oshirishga ko‘maklashish;

– qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash, yoshlar huquqbuzarliklari profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning zamonaviy usul va shakllarini tatbiq etish borasida takliflar tayyorlash;

– yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq ijtimoiy ahamiyati muhim bo‘lgan sud ishlari bo‘yicha sayyor sud majlislarida yoshlar, ayniqsa uyushmagan yoshlarning ishtirokini ta’minlash;

– amaldagi qonun hujjatlaridan kelib chiqib, yoshlar tomonidan sodir etiladigan huquqbuzarlik va jinoyat ishlari bo‘yicha sud tomonidan jazo tayinlashda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hududiy Kengashlarining kafolat xatiga asosan Kengashning vakillari orqali ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turini tayinlash mexanizmini joriy etish bo‘yicha takliflarni tayyorlab borishga ko‘maklashish;

– maxsus teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarda davlat idoralari va tashkilotlari vakillari, jamoatchilik ishtirokida joylarda yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatchilik ahvoli, huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini muhokama qilish;

– “Yoshlar” teleradiokanali “Mening yurtim” telekanali va boshqa teleradiokanallar orqali yoshlar huquqbuzarliklari profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari bo‘yicha, shu jumladan Internet tarmog‘ida maqolalar, sharhlar va boshqa materiallar chop etilishini tashkil etish;

– yoshlarga oid qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish maqsadida normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;

– O‘zbekiston Respublikasi “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli sud organlari bilan birgalikda jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan, shu jumladan muddatidan ilgari shartli ozod etilgan hamda sud zalidan ozod etilgan yoshlar, shuningdek yoshlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar va jinoyatlar bo‘yicha statistik ma’lumotlar almashish;

– chekka va olis tuman, qishloqlarda istiqomat qilayotgan yoshlar, xususan ularning uyushmagan qismi bilan huquqiy targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish, shuningdek ularga huquqiy ko‘mak berish;

– mamlakatimizda tadbirkorlik sohasidagi imtiyoz va preferensiyalarni yoshlarga yetkazish, yoshlar ongida tadbirkorlik hissini uyg‘otish orqali jalb qilish, yosh tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida turli o‘quv-seminar mashg‘ulotlarini tashkil etish;

– yoshlar o‘rtasida erta nikohga kirishish, yosh oilalarning ajralishlarini oldini olish, yoshlar orasida mulkiy tusdagi (qarz, kredit, ijara) va boshqa fuqarolik huquqiy munosabatlardan vujudga keladigan nizolarni oldini olish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish.

– Kengash qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa vazifalarni amalga oshirishi mumkin.

3.1. Kengash o‘z faoliyati doirasida quyidagi huquqlarga ega:

‒Kengashning Ustavida belgilangan maqsadlari doirasida respublika hududida yosh huquqshunoslar faoliyatiga oid o‘quvlar, ilmiy-amaliy, ilmiy-nazariy anjumanlar va boshqa tadbirlar majmuini tayyorlash va o‘tkazish;

‒o‘zining mustaqil elektron saytiga ega bo‘lish;

‒yosh huquqshunoslar faoliyatini rivojlantirishga oid turli ishchi guruhlarni tuzish;

‒Ustavda belgilangan maqsadlarini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘z vakolati doirasida yuridik va jismoniy shaxslar bilan bitimlar tuzish;

‒ijtimoiy hayotning turli masalalariga doir tashabbuslar bilan chiqish, davlat hokimiyati organlari va Muassisga takliflar kiritish;

‒davlat hokimiyati va Muassis organlarining qarorlarini ishlab chiqishda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda ishtirok etish;

‒o‘z faoliyati to‘g‘risida axborot tarqatish;

‒ommaviy axborot vositalarini ta’sis etish hamda belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish;

‒Ustavda belgilangan maqsad va vazifalarni bajarish uchun tadbirkorlik tuzilmalarini tashkil etish;

‒o‘z ramziy belgilarini ta’sis etish;

‒o‘z faoliyatiga taalluqli masalalar yuzasidan yig‘ilishlar, konferensiyalar o‘tkazish;

‒qonun hujjatlariga muvofiq vakolatxonalar ochish va filiallar tashkil etish.

‒Ustavda belgilangan maqsad-vazifalarini bajarish yuzasidan shartnomalar imzolash, buyurtmalar berish, buyurtmalar qabul qilish shartnoma asosida turli mutaxassislarni jalb etish;

‒belgilangan tartibda huquq sohasiga oid davriy nashrlar byulletenlar, axborotnomalar nashr ettirish;

‒davlat va nodavlat tashkilotlarining mablag‘larini, shu jumladan xalqaro va xorijiy tashkilotlarning grantlarini jalb etish;

‒Kengash qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

3.2. Kengash o‘z mulki bo‘lgan obyektlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vaqtinchalik yoki doimiy foydalanish uchun yuridik va jismoniy shaxslarga berishga, ijaraga topshirishga, o‘z tasarrufidan chiqarishga, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq tarzda ushbu mol-mulk bilan bog‘liq boshqa bitimlar tuzishga haqlidir.

3.3. Kengash turli korxonalarga o‘z ulushi bilan muassis bo‘lib kirish, turli xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha sho‘ba korxonalarini ochish huquqiga ega.

3.4. Kengash o‘z nomidan mulkiy, shaxsiy nomulkiy huquqlarni olishga, majburiyatli bo‘lishga, sudda da’vogar va javobgar sifatida qatnashishga haqlidir.

3.5. Kengash o‘z oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida turli huquqiy yo‘nalishdagi yoshlar klublari va boshqa tuzilmalarni tashkil etish huquqiga ega.

3.6. Kengash maxsus ruxsatnoma (litsenziya) talab qilinadigan faoliyat turlari bilan tegishli idoralardan maxsus ruxsatnoma (litsenziya) olganidan so‘ng shug‘ullanadi.

3.7. Kengash quyidagi majburiyatlarga ega:

O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga rioya etish;

o‘z mol-mulki va pul mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risidagi axborot bilan tanishish erkinligini ta’minlash;

ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ vakillariga o‘zi o‘tkazayotgan tadbirlarga erkin kirish imkonini berish;

ro‘yxatdan o‘tkazuvchi, soliq va statistika organlariga o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobotlar taqdim etish.

Kengash qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘ladi.

3.8. Kengashning tashkiliy tuzilmasi, xodimlarining shtat jadvali va yillik byudjeti (smetasi)ni tasdiqlash hamda Kengashning mulkini tasarruf etish Muassis tomonidan amalga oshiriladi.

IV. KЕNGASHNING RAHBAR ORGANI

4.1. Kengashning rahbar organlari:

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda Ijroiya qo‘mita deb yuritiladi);

Kengash raisi.

4.2. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Kengashning oliy rahbar organi hisoblanadi va u quyidagi vakolatlarga ega:

Kengashning Ustaviga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;

Kengashni qayta tashkil etish (qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish, ajratib chiqarish, o‘zgartirish) yoki tugatish to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilish;

Kengashning vakolatxonalari va filiallarini tashkil etish va tugatish;

Kengash va uning bo‘linmalari mol-mulkini qonunchilikda belgilangan tartibda tasarruf qilish;

Kengash faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash;

Kengashning yillik byudjeti va moliyaviy hisobotini tasdiqlash;

Kengashning raisini lavozimga tayinlash (saylash) va lavozimdan ozod etish;

Kengashning vakolatxonalari va filiallari rahbarlarini tayinlash va vazifalaridan ozod etish;

Kengashning asosiy faoliyat yo‘nalishlarini belgilovchi normativ hujjatlarni tasdiqlash.

Kengash faoliyatini takomillashtirishga doir taklif va tashabbuslar bilan chiqadi.

4.3. Kengashning joriy faoliyatiga Kengash raisi rahbarlik qiladi va uning vakolat muddati 5 (besh) yil.

4.4. Kengash raisi quyidagi vakolatlarga ega:

davlat organlari, jamoat birlashmalari va boshqa yuridik va jismoniy shaxslar bilan o‘zaro munosabatlarda Kengash nomidan ish ko‘radi;

Kengashning Ustav vazifalarini bajarishi uchun zarur bo‘lgan faoliyatining dasturi va loyihalarini ishlab chiqadi va ularni Ijroiya qo‘mitaga tasdiqlash uchun taqdim etadi;

Kengashning samarali faoliyati uchun istiqbolli dasturlar va ish rejalarini ishlab chiqadi;

yuridik va jismoniy shaxslar bilan Kengash faoliyatiga taalluqli shartnomalar tuzadi, Kengash nomidan ishonchnomasiz ish yuritadi;

xarajatlar smetasini tuzadi va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasiga taqdim etadi;

Kengash va uning bo‘linmalari xodimlari bajarishi majburiy bo‘lgan buyruqlar va farmoyishlar chiqaradi;

Kengashning bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda Ustavda nazarda tutilgan talablar asosida faoliyat yuritishini nazorat qiladi;

Kengashning mol-mulkini, shu jumladan pul mablag‘larini boshqaradi, Kengashning faoliyati to‘g‘risida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasiga yiliga kamida ikki marotaba hisobot taqdim etadi, shuningdek Ijroiya qo‘mita ko‘rib chiqishi uchun zarur bo‘lgan materiallar va takliflar tayyorlanishini ta’minlaydi.

Kengash raisi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni amalga oshiradi.

V. KЕNGASHNING TASHKILIY TUZILMASI

5.1. Kengashning tuzilmasiga quyidagilar kiradi;

Kengash markaziy apparati;

Kengashning vakolatxonalari va filiallari;

5.2. Kengash belgilangan tartibda o‘zining davriy nashrlari, noshirlik-matbaa korxonalari, tadbirkorlik tuzilmalarini hamda o‘zining ta’sis hujjatlari asosida faoliyat yuritadigan boshqa muassasalarini tashkil etishi mumkin.

VI. KЕNGASHNING TARKIBIY BO‘LINMALARI

6.1. Kengashning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida filiallari va vakolatxonalari bo‘lishi mumkin va ular Kengashning hududiy tuzilmaviy bo‘linmalari hisoblanadi.

Kengash raisi tomonidan 5 yil muddatga lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan filial rahbari rahbarlik qiladi.

6.2. Kengashning hududiy bo‘linmalari yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lishi mumkin. Bo‘linma Muassis tomonidan tasdiqlanadigan va uning huquq va majburiyatlari belgilangan Nizomga muvofiq faoliyat olib boradi.

6.3. Bo‘linmalar faoliyatini tuzish, tashkil etish va tugatish Kengash Muassisining qarori bilan amalga oshiriladi.

6.4. Bo‘linmalarning huquq va majburiyatlari ularning Nizomida belgilanadi.

VII. KЕNGASHNING PUL MABLAG‘LARI VA MOL-MULKI

7.1. Kengash faoliyatini moliyalashtirish Muassis, shuningdek qonun hujjatlarida ta’qiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

7.2. Kengash va uning bo‘linmalari faoliyatining moliyaviy asosini unga Muassis tomonidan ajratiladigan mablag‘lar, doimiy foydalanishga berilgan asosiy vositalar (fondlar), Kengashning Ustavida belgilangan maqsadlar doirasida xo‘jalik shartnomasi asosida xizmat ko‘rsatish, boshqa daromadlardan olingan mablag‘lar tashkil etadi.

7.3. Kengash o‘rnatilgan tartibda o‘z imkoniyatlari doirasida xodimlarini rag‘batlantirishi mumkin.

7.4. Kengash tomonidan qurilgan, sotib olingan yoki qonunda belgilangan tartibda unga berilgan bino va boshqa obyektlar, shuningdek transport vositalari, xo‘jalik ashyolari va boshqa ko‘char hamda ko‘chmas mulk Kengashning mulki hisoblanadi.

VIII. KЕNGASHNING MOLIYAVIY-XO‘JALIK FAOLIYATINI TAFTISH QILISH VA HISOBOT

8.1. Kengash o‘z faoliyati yuzasidan ro‘yxatga oluvchi davlat organlariga va Muassisga belgilangan tartibda hisobot beradi.

8.2. Kengashning moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish etish Muassisning tegishli organi va vakolatli idoralar tomonidan amalga oshiriladi.

IX. USTAVGA O‘ZGARTISH VA QO‘SHIMCHALAR KIRITISH

9.1. Kengash Ustaviga o‘zgartish va qo‘shimchalar Ijroiya Qo‘mita qarori bilan kiritiladi va belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan so‘ng kuchga kiradi.

X. KЕNGASHNI QAYTA TASHKIL ETISH VA TUGATISH

10.1. Kengashni qayta tashkil etish, (qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish, ajratib chiqarish, o‘zgartirish) yoki tugatish to‘g‘risidagi qaror Ijroiya qo‘mitaning qarori bilan yoki vakolatli sudning qaroriga asosan amalga oshirilishi mumkin.

10.2. Kengash Muassisining Ijroiya qo‘mitasi yoki Kengashni tugatish to‘g‘risidagi qarorini qabul qilgan organ davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi adliya organi bilan kelishgan holda tugatish komissiyasini tayinlaydi.

10.3. Muassasani tugatish O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

10.4. Kreditorlarning talablari qondirilgandan keyin qolgan mol-mulk Kengashning Ustav maqsadlari uchun yo‘naltiriladi.

XI. YAKUNIY QOIDALAR

11.1. Kengashning Ustaviga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish Ijroiya qo‘mitaning qarori bilan amalga oshiriladi.

11.2. Ustavga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar qonun hujjatlarda belgilangan tartibda qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

11.3. Mazkur Ustavda nazarda tutilmagan qoidalar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga asosan tartibga solinadi.

11.4. Muassasa O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab mazkur Ustav kuchga kiradi va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligig amuvofiq Muassasa faoliyati tugatilgunga qadar amal qiladi.

  • Ulashing: