O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqiqi Markaziy Kengashi O‘rtasida yoshlar masalalari sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum

Ushbu memorandum O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi (kelgusida Tomonlar deb ataluvchilar) o‘rtasida yoshlar masalalari yuzasidan o‘zaro hamkorlikning mazmuni, yo‘nalishlari va tartibini belgilab beradi.

1-modda. Hamkorlik maqsadi

Tomonlar mazkur Memorandum qoidalari hamda o‘zlarining vakolatlari doirasida:

— mamlakatimizda olib borilayotgan sud-huquq islohotlari jarayonida yoshlarning ishtirokini yanada faollashtirish;

— yosh avlod vakillarini qonunga hurmat ruhida tarbiyalash, turli zararli illat va yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish;

— yoshlarning huquqiy ongi va madaniyati, 

bilimlari va mas’uliyatini muntazam oshirib borish;

— joylarda, ayniqsa chekka xududlarda istiqomat qilayotgan uyushmagan yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni amalga oshiradilar.

2-modda. Hamkorlik yo‘nalishlari

Tomonlar yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishida o‘zaro hamkorlikni quyidagi yo‘nalishlarda olib boradilar:

a) yoshlar, ayniqsa uyushmagan yoshlar bilan ularning huquqdari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yadilar.

Ayni shu maqsadda yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yanada yuksaltirish, shuningdek qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash bo‘yicha dolzarb masalalar yuzasidan ochiq muloqotlar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etadilar hamda o‘tkazadilar;

b) yoshlarni sud tizimi va faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida sud binolarida turkum uchrashuvlarni tashkil etadilar.

Bu maqsadda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish va qonunga itoatkorlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan sud idoralarida “ochiq eshiklar kuni”ni tashkil etadilar;

v) yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, sud-huquq tizimidagi islohotlardan boxabar etish, ularni qonunga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida sud binolarida o‘tkaziladigan ochiq sud majlislari jarayonlarida ishtirokini ta’minlaydilar;

g) huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiradilar, shu jumladan, huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablari va bunga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish bo‘yicha chora tadbirlarning

samaradorligini oshiradilar;

d) qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash, yoshlar huquqbuzarliklari profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning zamonaviy usul va shakllarini o‘zida ifoda etgan takliflar tayyorlaydilar;

e) yoshlar tarbiyasi bilan bevosita bog‘liq ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan sayyor sud majlislarda yoshlar, ayniqsa uyushmagan yoshlarning ishtirokini ta’minlaydilar;

j) yoshlar tomonidan sodir etiladigan huquqbuzarlik va jinoyat ishlari bo‘yicha sud tomonidan jazo tayinlashda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hududiy Kengashlarining kafolat xatiga asosan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turini tayinlash mexanizmini joriy etish bo‘yicha

takliflarni tayyorlab boradilar;

z) maxsus teleko‘rsatuv va radioeshitgirishlarda davlat idoralari va tashkilotlari vakillari, jamoatchilik ishtirokida joylarda yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatchilik ahvoli, huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini muhokama qiladilar;

i) “Yoshlar” teleradiokanali “Mening yurtim” telekanali va boshqa teleradiokanallar orqali yoshlar huquqbuzarliklari profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari bo‘yicha, jumladan Internet tarmog‘ida maqolalar, sharhlar va boshqa materiallar chop etilishini tashkil etadilar;

y) yoshlarga oid qonunchilik va huquqni (qo‘llash amaliyotini takomillashtirish maqsadida normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarini hamkorlikda ishlab chiqadilar;

k) jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan, shu jumladan muddatidan ilgari shartli ozod etilgan hamda sud zalidan ozod etilgan yoshlar, shuningdek yoshlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar va jinoyatlar bo‘yicha statistik ma’lumotlar almashadilar;

l) chekka va olis tuman, qishloqlarda istiqomat qilayotgan yoshlar, xususan ularning uyushmagan qismi bilan huquqiy targ‘ibot tadbirlarini amalga oshiradilar, shuningdek ularga huquqiy ko‘mak beradilar;

m) mamlakatimizda tadbirkorlik sohasidagi imtiyoz va preferensiyalarni yoshlarga yetkazish, yoshlar ongida tadbirkorlik hissini uyg‘otish orqali jalb qilish, yosh tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida turli o‘quv-seminar mashg‘ulotlarini tashkil etadilar;

n) yoshlar o‘rtasida erta nikohga kirishish, yosh oilalarning ajralishlarini oldini olish, yoshlar orasida mulkiy tusdagi (qarz, kredit, ijara) va boshqa fuqarolik huquqiy munosabatlardan vujudga keladigan nizolarni oldini olish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshiradilar.

3-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi:

3.1. Viloyat, tumanlararo, tuman (shahar) sudlari sudyalarining yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan ochiq muloqotlar, uchrashuvlarda ishtirokini ta’minlaydi.

3.2. Viloyat, tumanlararo, tuman (shahar) sudlari binolarida yoshlar bilan turkum uchrashuvlarni tashkil etish bilan bog‘liq masalalarni hal etadi.

3.3. Viloyat, tumanlararo, tuman (shahar) sudlari tomonidan yoshlar masalalariga oid va ular ishtirokidagi sayyor sud majlislari, sud majlisining kuni, vaqti va joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston yoshlar ittifoqining hududiy Kengashlariga yuborilishini ta’minlaydi.

3.4. Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat va tuman (shahar) sudlari tomonidan yoshlarga (o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan shaxslar) oid jinoyat ishlari bo‘yicha, sud tomonidan tayinlangan jazoning og‘irroq turi (JKning 44, 46, 471 - moddalari) bilan almashtirish bilan bog‘liq

ishlar haqida sud muhokamasi qachon va qayerda o‘tkazilishi haqida uning ish, o‘qish yoki yashash joyidagi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining hududiy Kengashiga xabar berishlarini tashkillashtiradi.

3.5. Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat va tuman (shalar) sudlari tomonidan ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan va jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilgan yoshlar bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni O‘zbekiston

yoshlar ittifoqining xududiy Kengashiga taqdim etishni tashkillashtiradi.

3.6. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda yoshlarga oid ko‘rilayotgan jinoyat ishlari bo‘yicha yagona sud amaliyotini shakllantirish maqsadida ayrim qonun hujjatlari va Oliy sud Plenumi qarorlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqadi.

3.7. Ushbu Memorandum ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan tadbirlarni “Kuch-adolatda” gazetasi va Oliy sudning rasmiy veb-saytida yoritilishini ta’minlaydi.

4-modda. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi:

4.1. O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Markaziy Kengashi qoshida ushbu Memorandumda belgilangan tadbirlarni tashkil etish hamda muvofiqlashtirib borish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi faoliyatini yo‘lga qo‘yadi va tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etadi.

4.2. Mazkur Memorandumning 2-moddasida nazarda tutilgan barcha tadbirlarda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining hududiy Kengashlari tomonidan o‘quv muassasalarida ta’lim olayotgan hamda korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat olib borayotgan yoshlar, shuningdek, uyushmagan yoshlarning ishtirokini ta’minlaydi.

4.3. Jinoyat ishi sudda ko‘riladigan yoshlarning shaxsini, oilaviy sharoitini, ma’naviy muhitini o‘rganib chiqish hamda ushbu shaxsga kafolat xati berish tartibini belgilovchi namunaviy qoidalarni ishlab chiqadi.

4.4. Manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda yoshlarga jazo tayinlashda kafolat xatining namunaviy shaklini ishlab chiqadi. Shuningdek, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hududiy Kengashlari tomonidan sudga taqdim etish maqsadida kafillikka olinuvchi shaxsni yangi jinoyat sodir etishining oldini

olish, uni sog‘lom muhitga qaytarish, o‘qish yoki kasbga yo‘naltirish borasida aniq va maqsadli individual dasturlar loyihasini ishlab chiqishini tashkillashtiradi.

4.5. Yoshlarning huquqiy ongi va madaniyati, bilim va mas’uliyatini oshirib borish, huquqbuzarlik va jinoyat sodir etgan yoshlarni xulq-atvori ustidan muntazam nazoratni tashkil etish, bu borada sud va huquqni muhofaza etuvchi organlar bilan yaqin hamkorlikda tahlilni olib boradi.

4.6. O‘tkazilgan tadbirlar bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining rasmiy veb-saytida va uning muassisligidagi nashrlarda alohida rukn tashkil etadi. Mazkur rukn orkali tadbirlarni muntazam yoritib boradi.

5-modda. Axborotlarni oshkor qilmaslik

5.1. Mazkur Memorandum yoki unga muvofiq tuzilgan boshqa kelishuvlarning bajarilishi jarayonida har bir tomon boshqa tomonga taqdim etgan yoki undan qabul qilgan hujjat, konfidensial xarakterdagi axborotlarni yoki boshqa ma’lumotlarni oshkor qilmaslik majburiyatini oladilar.

5.2. Mazkur Memorandum o‘z kuchini yo‘qotishidan qat’iy nazar, Tomonlar mazkur modda qoidalari amalda bo‘lishi to‘g‘risida kelishib oldilar.

6-modda. Maslahatlashuv

Tomonlar Memorandumni qo‘llash yuzasidan o‘zaro kelishilgan vaqtlarda maslahatlashuvlar o‘tkazadilar.

7-modda. Hamkorlikning amalga oshirilishi

7.1. Hududlarda 10 kun muddatda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining hududiy Kengashlari qoshida ushbu Memorandumni imzolovchi Tomonlarning quyi tizimlari mas’ul xodimlaridan iborat muvofiqlashtiruvchi hududiy Ishchi guruhlari tuziladi.

7.2. Hududiy Ishchi guruhlar tomonidan ushbu Memorandumning 2-moddasida belgilangan tadbirlarni joylarda amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida manzilli rejalar ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

7.3. Tasdiqlangan manzilli rejalar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashiga taqdim etilib, samarali ijro etilishi ta’minlanadi.

7.4. Tadbirlar ommaviy axborot vositalarida yoritib boriladi.

8-modda. O‘zgartish va qo‘shimchalar

8.1. Har bir Tomon mazkur Memorandumga yoxud uning bir qismiga o‘zgartish yoki qo‘shimcha kiritishni yozma ravishda taklif etishi mumkin.

8.2. Tomonlar o‘zaro kelishgan har qanday o‘zgartish va qo‘shimchalar yozma ravishda ushbu Memorandumning ajralmas qismi hisoblanadigan va Tomonlar belgilagan kundan boshlab kuchga kiradigan qo‘shimcha kelishuv shaklida rasmiylashtiriladi.

8.3. Har qanday o‘zgartish va qo‘shimchalar ularning kuchga kirguniga qadar mazkur Memorandumdan kelib chiqqan yoki unga asoslangan Tomonlarning huquq va majburiyatlariga ta’sir etmasligi lozim.

9-modda. Nizolarni hal qilish

Mazkur Memorandum qoidalarini talqin qilish, bajarish va qo‘llashda Tomonlar o‘rtasida vujudga keladigan har qanday kelishmovchilik yoki nizolar Tomonlar o‘rtasida maslahatlashuvlar va muzokaralar yo‘li bilan do‘stona ravishda hamjihatlik asosida hal qilinadi.

10-modda. Memorandumning kuchga kirishi, amal qilishi va o‘z kuchini yo‘qotishi

10.1. Mazkur Memorandum imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va besh (5) yil muddat davomida amal qiladi.

10.2. Tomonlar o‘rtasida boshqa kelishuv bo‘lmagan taqdirda, bu muddat o‘z-o‘zidan keyingi besh (5) yillik muddatga uzayadi.

10.3. Mazkur modda qoidalaridan qat’iy nazar, Tomonlarning har biri boshqa Tomonni mazkur Memorandum amal qilishini tugatish niyati borligi to‘g‘risida istagan vaqtda, bu niyatni amalga oshirish sanasidan kamida bir (1) oy ilgari yozma ravishda xabardor qilib, uning amal qilinishini tugatishi mumkin.

10.4. Mazkur Memorandumning tugatilishi, uning tugatilishi sanasidan avvalroq kelib chiqqan yoki unga asoslangan Tomonlarning huquq va majburiyatlariga ta’sir etmasligi lozim.

Toshkent shahrida 2017-yil 5-dekabr kuni ikki (2) asl nushada davlat tilida tuzildi. Memorandum imzolangan kundan kuchga kiradi.

  • Ulashing: