22 yoshli Azamat Yoshlar ittifoqi muassisligidagi Yosh huquqshunoslar Kengashi kafilligi asosida jazodan ozod qilindi

post

2018 yil 4 fevral kuni Shayxontohur tumani IIB tomonidan Omonov Azamatga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 166-moddasi 1-qismi va 166-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur jinoyat ishi sudga oshirilgan bo‘lib, joriy yilning 11 aprelida Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudida ko‘rib chiqildi.

Ushbu fuqaroning yaqinlari tomonidan Yosh huquqshunoslar Kengashiga qilingan murojaatlari asosida, sud hukmigacha bo‘lgan jarayonda Yosh huquqshunoslar Kengashi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Samarqand viloyati Kengashi hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi bilan hamkorlikda sudlanuvchining oilasi, uning hatti-harakatlari o‘rganilib tahlil qilindi.

Chuqur tahlil va o‘rganishlar natijasida uning muqaddam sudlanmaganligi, bo‘ydoqligi, mahalla raisi hamda mahalla faollari tomonidan unga nisbatan berilgan fikrnomalari haqiqiy ekanligi, shuningdek qilmishidan chin ko‘ngildan to‘liq pushaymon ekanligi aniqlandi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi o‘rtasida 2017 yil 5 dekabrda imzolangan yoshlar masalalari sohasida o‘zaro hamkorlik memorandumiga asosan, Yosh huquqshunoslar Kengashi kafilligi asosida Omonov Azamatni ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo chorasi qo‘llanilib, sud zalidan ozodlikka chiqdi.

Zero, mamlakatimiz Prezidenti ta’kidlaganidek, insonni faqat jazolash, faqat repressiv usullar bilan tarbiyalab bo‘lmaydi. Buni hayotning o‘zi ko‘p bor isbotlagan. Insonni tarbiyalash uchun butun jamiyat harakat qilishi, avvalambor, jinoiy holatlarni tug‘diradigan sabab va omillarni hayotimizdan bartaraf etishimiz kerak.

Bu serma’no gaplar Omonov Azamatning keyingi hayot yo‘lini tubdan o‘zgartirishga asos bo‘lib xizmat qildi. Qilmishidan ming pushaymon bo‘ldi.

– Avvalo, Prezidentimizga men kabi adashgan fuqarolarni kechirib, xatolarini tuzatishga imkon yaratib bergani uchun chin yurakdan rahmat aytaman, – deydi Omonov Azamat. – Menga ishonch bildirib, jazoni yengillashtirishni so‘rab sudga murojaat qilgan Yoshlar ittifoqi muassisligidagi Yosh huquqshunoslar Kengashi, ota-onam, mahalla, jamoat tashkilotlarining ishonchini oqlashga astoydil harakat qilaman. Vatanimga sodiqligimni o‘zimning halol mehnatim bilan isbotlayman.

Ushbu fuqaro o‘z ixtiyori va tashabbusi bilan Yoshlar ittifoqi a’zoligiga qabul qilinib, u bilan 1 yil muddatga individual dastur imzolandi. Shuningdek, uning bandligi ta’minlanishi yuzasidan Yosh huquqshunoslar Kengashi tomonidan choralari ko‘rib chiqilmoqda.

Nodir Jumayev,
Yosh huquqshunoslar Kengashi xodimi.

  • Ulashing: