17 yoshli o‘spirin avtomobil boshqarishi mumkinmi?

post

— Yoshim 17 da avtomobil boshqarishga qiziqaman. Menga haydovchilik guvohnomasini berish tartibi va shartlari haqida ma’lumot bersangiz?

A.Tojiyev (Andijon viloyati)

 Haydovchilik guvohnomasini berish tartibi va uning shartlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 2 avgustdagi 156-sonli “O‘zbekiston Respublikasida avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalarini boshqarish huquqini berish, haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash tartibini takomillashtirish choralari to‘g‘risi”da Qarori bilan batafsil tartibga solinadi.

Haydovchilik guvohnomasi berilayotgan fuqaro o‘quv muddati yakunida: mototsikl boshqarish uchun — 16 yoshga, yengil va yuk avtomobili boshqarish uchun — 18 yoshga, avtobus tramvay va trolleybus boshqarish uchun — 21 yoshga to‘lgan bo‘lishi kerak.

O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomalari va ogohlantirish talonlari fuqarolar doimiy yoki vaqtincha turar joyidagi Ichki ishlar organlarining Ro‘yxatdan o‘tkazish-imtihon bo‘limlarida beriladi. Harbiy xizmatchilarga — xizmatni o‘tash joylarida.

Haydovchilik guvohnomasi olish uchun kerakli hujjatlar:

a) tegishli toifadagi transport vositalarini boshqarish uchun dasturlar bo‘yicha o‘qishni tugatganligi haqidagi guvohnoma;

b) diplom va o‘quv dasturidagi fanlarni o‘tganligi to‘g‘risidagi diplom varaqasidan ko‘chirma;

v) 3 x 4 sm (haydovchilikka nomzod fuqaro kiyimida suratga tushirilgan bo‘lishi kerak) bo‘lgan 2 dona fotosurat;

g) sog‘ligi to‘g‘risida ma’lumotnoma;

d) bank muassasalariga topshirish va haydovchilik guvohnomasini olish uchun to‘lovlar to‘langanligi haqidagi to‘lov qog‘ozi (to‘lovlar miqdori O‘zbekiston Respublikasi IIV tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi);

ye) ta’lim muassasasi tomonidan to‘ldirib tasdiqlangan haydovchining imtihon varaqasi va fuqaroning pasporti yoki uning o‘rnini bosuvchi boshqa hujjat.

Guvohnoma olish uchun amalga oshiriladigan to‘lovlar

Nazariy imtihon uchun — eng kam ish haqining 10 %;

Amaliy imtihon uchun — eng kam ish haqining 10 %;

Nazariy imtihonni qayta topshirish uchun — eng kam ish haqining 15%;

Amaliy imtihoni qayta topshirish uchun — eng kam ish haqining 15 %;

Haydovchilik guvohnomasini berish uchun — eng kam ish haqining 20 %;

Haydovchilik guvohnomasiga ogohlantirish taloni berish uchun — eng kam ish haqining 10 %;

Guvohnoma berish muddati

Ariza bilan murojaat etgan shaxslarga shu kunning o‘zida, nazariy va amaliy imtihonlarni ijobiy topshirganidan so‘ng haydovchilik guvohnomasi va uning taloni yozib beriladi.

Rad etish sabablari:

- arizasi va tegishli hujjatlari bo‘lmagan hollarda

- nazariy imtihonni topshira olmagan shaxslar amaliy imtihonlarga qo‘yilmaydi

- haydovchilik guvohnomasi vakolatnoma (ishonchnoma) bilan berilmaydi.

  • Ulashing: