Talaba qaysi hollarda akademik ta’til olishim mumkin?

post

— Men O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida o‘qiyman. Men qaysi hollarda akademik ta’til olishim mumkin? Akademik ta’til qancha muddatlarga beriladi?

A.Kamolov( Toshkent shahri)


— O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 4-sentyabrda 2138-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalariga akademik ta’til berish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talablari harbiy xizmatni o‘tash, salomatligini tiklash, homiladorlik va tug‘ish hamda bolalarni parvarish qilish uchun akademik ta’til olish huquqiga ega.

Akademik ta’til o‘quv yilining har qanday qismida, quyidagi muddatlarga beriladi:

Harbiy xizmatni o‘tash uchun – qonun hujjatlarida belgilangan harbiy xizmatni o‘tash muddatiga;

Salomatligini tiklash uchun – 12 oy muddatga;

Homiladorlik va tug‘ish, shuningdek bolalarni parvarish qilish uchun – qonun hujjatlarida belgilangan homiladorlik va tug‘ish, shuningdek bolalarni parvarish qilish ta’tili muddatiga.

Talabalarga o‘qish davomida ikki marta, istisno tariqasida, tibbiyot ta’lim muassasalari talabalariga uch martagacha akademik ta’til berilishi mumkin.

Birinchi kurs talabalariga akademik ta’til, istisno tariqasida, faqat ularning kasalligi tufayli berilishi mumkin.

Talabaga akademik ta’til berilishi uni ta’lim muassasasidan chetlashtirish deb hisoblanmaydi hamda talabalarga akademik ta’til davrida stipendiyalar to‘lanmaydi.

  • Ulashing: