5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan R.O. “Yoshlar kafilligi” asosida sud zalidan ozod etildi

post

2018-yil 23-oktyabr kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Kogon shahar sudi tomonidan oʻtkazilgan ochiq sud majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi bilan ayblangan kogonlik R.O. ga (ism-shariflar oʻzgartirilgan) oid jinoyat ishi koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumiga asosan, Buxoro viloyat Kengashi vakillari ushbu jinoyat ishi boʻyicha jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etdi. Sud jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan qoʻllanilgan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini bekor qildi. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi kafilligi bilan unga 3 yil 6 oyga ozodlikdan cheklanish jazosi qoʻllanildi.

- Singlimning toʻyida xolavachcham bilan janjallashib, tan jarohati yetkazdim. Qilmishimdan chin dildan pushaymonman. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi kafilligi bilan menga imkon va ishonch bildirishdi. Endi bu ishonchni oqlashga astoydil harakat qilaman. Ota-onam, mahalla-koʻy, qavmu qarindoshlarimdan kechirim soʻrayman, - dedi R.O.

- Bugunga qadar u kabi koʻpgina yoshlarni kafillikka olib, sud zalidan olib chiqdik, - deydi Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi yuriskonsulti Murodjon Raxmatov. - Kafilikka olishda asosan, qilmishidan chin dildan pushaymonligi, sodir etgan jinoyatining xavflilik darajasiga alohida eʼtibor qaratamiz. R.O. ham jahliga qul boʻlib, adashgan yoshlardan biri. Bundan keyin, u bilan doimiy ravishda ish olib boramiz va bundan keyingi hayotida faqatgina yurt uchun munosib farzand boʻlishiga oila aʼzolari bilan bir qatorda harakat qilamiz. Davlat shunday imkon bergan ekan, yoshlar ham shunga munosib boʻlishi lozim.

Sud zalidan ozod qilingan R.O. yaqinlari bilan koʻrishar ekan, panjara ortida oʻtgan 49 kunining har bir soniyasidan xulosa chiqarganini taʼkidlab oʻtdi.

  • Ulashing: