Yoshga oid toifa belgisi boʻlmagan axborot mahsulotini tarqatish taqiqlandi

post

Oʻzbekiston Respublikasining “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Hukumat qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Axborot mahsulotining yoshga oid tasniflarini aniqlash mezonlari hamda uni ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq bolalar oʻrtasida tarqalishi cheklangan axborot mahsulotlariga:

  • shafqatsizlik, jismoniy va ruhiy zoʻravonlik, jinoyat yoki jamiyatga qarshi boshqa harakatlar tasvirlangan;
  • qoʻrquv, vahima va sarosima uygʻotadigan;
  • jinsiy munosabatlar tasvirlangan yoki bayon etilgan;
  • uyatli soʻzlar jumlasiga kirmaydigan haqoratli soʻzlar va iboralarni oʻz ichiga olgan axborot mahsulotlari kiradi.

Yoshga oid toifa belgisi boʻlmagan axborot mahsulotini tarqatish taqiqlanadi.

Yetti yoshga toʻlmagan bolalar uchun axborotlarga (0+) quyidagilar kiradi:

  • bolalarning sogʻligʻi va rivojlanishiga zarar yetkazmaydigan;
  • janri va syujeti ezgulik yovuzlik ustidan gʻalaba qozonishi hamda zoʻravonlik qurboniga nisbatan rahm-shafqat ifoda etilgan axborotlar.

Yetti yoshga toʻlgan bolalar uchun (7+) axborotlarga quyidagilar kiradi:

  • yetti yoshga toʻlmagan bolalar uchyn axborot (“0+”);
  • odam kasalliklari va ular oqibatlarining inson qadr-qimmatini kamsitmaydigan shakldagi naturalistik boʻlmagan axborot;
  • baxtsiz hodisa, avariya, falokat yoxud kuch ishatilmagan oʻlimning bolalarda qoʻrquv, vahima yoki sarosima uygʻotishi mumkin boʻlgan oqibatlari namoyish etilmagan, naturalistik boʻlmagan axborot;
  • jamiyatga qarshi xatti-harakatlar va jinoyat sodir etishga undamaydigan jinoyatlarning epizodik tasviri yoki bayonini oʻz ichiga olgan axborot maxsulotlari.

Oʻn ikki yoshga toʻlgan bolalar uchun (12+) axborotlarga quyidagilar kiradi:

  • (0+) va (7+) axborotlar;
  • shafqatsizlik va zoʻravonlikning qurboniga nisbatan rahm-shafqat va shafqatsizlik, zoʻravonlikka nisbatan salbiy, qoralovchi munosabat ifoda etilishi sharti bilan hayotdan mahrum etish yoki jarohat yetkazish jarayoni natural koʻrsatilmagan axborot;
  • jamiyatga qarshi xatti-harakatlar sodir etishga undamaydigan axborotlar.

Oʻn olti yoshga toʻlgan bolalar uchun (16+) axborotga quyidagilar kiradi:

  • (0+), (7+) va (12+) axborotlar;
  • baxtsiz xodisa, avariya, falokat, kasallik, oʻlimning bolalarda qoʻrquv, vahima yoki sarosima uygʻotishi mumkin boʻlgan oqibatlari naturalistik ravishda namoyish etilmagan axborotlar;
  • narkotik vositalar yoki psixotrop va gangituvchi moddalar toʻgʻrisidagi, ularni isteʼmol qilishning xavfli oqibatlari toʻgʻrisidagi, bunday vositalar yoki moddalarni isteʼmol qilishga salbiy yoki qoralovchi munosabat ifoda etilishi yoki ularni isteʼmol qilishning xavfli ekani haqida ogohlantirish mavjud boʻlishi sharti bilan shunday holatlarni ifoda etuvchi axborotlar;
  • uyatli soʻzlar jumlasiga kirmaydigan haqoratli soʻzlar va iboralarni oʻz ichiga olgan axborot;
  • jinsiy munosabatlarning jinsiy aloqaga nisbatan boʻlgan qiziqishdan foydalanmaydigan hamda qoʻzgʻatuvchi yoki haqoratlovchi tusga ega boʻlmagan epizodik naturalistik boʻlmagan axborotlar.

Bolalar oʻrtasida tarqatilishi taqiqlangan (18+) axborotlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

  • bolalar hayotiga va sogʻligiga xavf soladigan xatti-harakatlarni sodir etishga targʻib qilishga undaydigan;
  • bolalarda alkogol va tamaki mahsulotlari, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar isteʼmol qilish, qimor uyinlari, ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etish, fohishabozlik, daydilik, tilanchilik yoki gʻayriijtimoiy xatgi-harakatlarning boshqa shakllari bilan shugʻullanish istagini paydo qiladigan;
  • odamlarga yoki hayvonlarga nisbatan zoʻravonlik va shafqatsizlik qilish mumkinligini asoslaydigan yoki oqlaydigan yoxud zoʻravonlik xatti-harakatlarini amalga oshirishga undaydigan;
  • oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan, axloqsizlikni targʻib qiladigan;
  • gʻayriqonuniy xulk-atvorni oqlaydigan va huquqbuzarlik sodir etishga olib keladigan;
  • jamiyatda buzgʻunchilik gʻoyalarini targʻib etishga daʼvat qiladigan;
  • uyatli soʻzlarni oʻz ichiga olgan;
  • pornografiya xususiyatiga ega boʻlgan axborotni oʻz ichiga olgan;
  • gʻayriqonuniy harakatlar natijasida jabrlangan bolalar toʻgʻrisidagi axborotlar kiradi.

Axborot mahsulotining ekspertizasi Matbuot va axborot agentligi qaroriga koʻra ekspertlar tomonidan amalga oshiriladi.

  • Ulashing: