“Yoshlar kelajagi-qonunga rioya qilishdan boshlanadi” loyihasining navbatdagisi Navoiy viloyatida bo‘ldi

post

2019-yil 25-fevral kuni Navbahor tumanidagi agro-iqtisodiyot va kasb-hunar kollejida “Yoshlar kelajagi-qonunga rioya qilishdan boshlanadi” mavzusida targʻibot tadbiri boʻlib oʻtdi. Oʻtkazilgan ushbu targʻibot tadbirida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi muassisligidagi Yosh huquqshunoslar Kengashining masʼul xodimlari N.Jumayev, Sh.Nazarov, B.Jumayev, Yoshlar kelajagimiz jamgʻarmasi Navbahor tumani boʻlimi rahbari J.Hakimov va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi bosh mutaxassisi M.Abdurazzoqovlar ishtirok etishdi.

Tashkil etilgan targʻibot tadbirida yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning salbiy oqibatlari, mehnat migratsiyasi, odam savdosining ayanchli oqibatlari shuningdek, tadbirkorlik faoliyati va “Yoshlar-kelajagimiz” jamgʻarmasi toʻgʻrisida tushuncha va maʼlumotlar berib oʻtildi.

Bundan tashqari yoshlar oʻrtasida huquqiy savodxonlikni oshirish, ularni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiya topishlari, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarga daxldorlik hissi bilan yashash kerakligi toʻgʻrisida ham maʼruzachilar tomonidan yigʻilganlarga targʻibot ishlari olib borildi. Shuningdek targʻibot tadbiri ochiq muloqot tarzida oʻtib, yoshlar tomonidan oʻzlari qiziqtirgan savollarga javob oldilar va faol ishtirok etgan yoshlarga Yosh huquqshunoslar Kengashi nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi, Oila Kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeks va boshqa huquqiy yoʻnalishlardagi kitoblar jamlanmasi sovgʻa sifatida berildi. Targʻibot tadbirida 200 nafardan ortiq oʻquvchi-yoshlar va 7 nafar jazoni ijro etish muassasasidan qaytib kelgan yoshlar ishtirok etishdi.

Shundan soʻng ushbu huquqiy savodxonlik tadbiri Qiziltepa tumanida ham davom etdi.

Xususan, Qiziltepa Yengil sanoat kasb-hunar kollejining faollar zalida Yosh huquqshunoslar Kengashining masʼul xodimlari N.Jumayev, Sh.Nazarov, B.Jumayev, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi bosh mutaxassisi M.Abdurazzoqov, Qiziltepa tuman Kengashi raisi U.Bobojonov, tuman prokuror yordamchisi N.Jumanazarov,Yoshlar kelajagimiz jamgʻarmasi Qiziltepa tumani boʻlimi rahbari J.Toshpoʻlatovlar ishtirok etdilar.


 

Tashkil etilgan ushbu tadbirda ham oʻquvchi-yoshlarga “Yoshlar kelajagi-qonunga rioya qilishdan boshlanadi” loyihasining mazmun mohiyati, Yosh huquqshunoslar Kengashi faoliyati toʻgʻrisida tushunchalar berib oʻtildi.

Bundan tashqari oʻzi bilib bilmay jinoyat yoʻliga kirib qolgan, qilgan ishini jinoyat ekanligini anglab yetmagan koʻplab yoshlarga, Yoshlar ittifoqi kafilligi asosida sud zalidan ozod etilganligi va ushbu toifadagi yoshlar bilan alohida dastur asosida ishlanayotganliklari toʻgʻrisida ham maʼlumotlar berib oʻtildi.

Ushbu tadbirda ham oʻz fikr mulohazalari bilan faol ishtirok etgan yoshlarga kitoblar jamlanmalari sovgʻa sifatida berildi.

Tadbir soʻngida oʻquvchi-yoshlarga huquqiy savodxonlikni oshiruvchi, yoshlar ittifoqi faoliyati va yoshlar jinoyatchilikka qarshi mavzularida videoroliklar namoyish etildi. Tadbirga 250 nafardan ortiq oʻquvchi-yoshlar, 5 nafar JIEMdan kelgan va 18 nafar vaqtincha ishsiz yoshlar ishtirok etishdi.

Shuningdek targʻibot tadbirlari “Qalʼayi Azizon” va “Furqat” mahalla fuqarolari yigʻinlarida ham oʻtkazilib, ushbu mahallalarda “huquqiy savodxonlik” burchaklari tashkil etildi va aholining huquqiy ongini hamda savodxonligini oshiruvchi kitoblar, tarqatma materiallar va broshuralar Yosh huquqshunoslar Kengashi tomonidan sovgʻa sifatida taqdim etildi.

Ma’lumot uchun targ'ibot tadbirlarning keyingi manzili Buxoro viloyati tumanlarida bo‘ladi.

  • Ulashing: