“Shu Vatanga bordur sening keraging”

post

Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyat Kengashi tomonidan kafillikka olingan yoshlar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy faol hayotga jalb etish maqsadida 50 nafar yosh ishtirokida viloyat hokimligi bilan hamkorlikda Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtirildi.

Samarqand shahrining muqaddas ziyoratgohlari, qadim qadamjolaltari va diqqatga sazovor joylariga sayohat qilgan yoshlar qalbida yana bir bor Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, ajdodlarga munosib avlod boʻlish tuygʻusi joʻsh urdi.

— Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi oʻrtasida imzolangan hamkorlik memorandumiga asosan ehtiyotsizlik oqibatida birinchi marta jinoyat sodir etib, qilmishidan pushaymon boʻlgan yoshlar kafillik asosida sud zalidan ozod etilmoqda, — deydi Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyat Kengashi yuriskonsulti Sanjar Umarov. — Birgina Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi ham hozirgacha 53 nafar yoshni kafilikka olib, ozodlikka olib chiqishga erishdi. Ushbu yoshlarni munosib ish bilan taʼminlash, kelajakda oʻz yoʻlini topishi uchun koʻmak berish ham bevosita bizning vazifamiz hisoblanadi. Bugungi kafilikka olingan yoshlar va kam taʼminlangan oila farzandlari ishtirokidagi sayohat esa ular orasida doʻstlik rishtalarini bogʻlash bilan bir qatorda, ular eʼtibordan chetda emasligi, kelajakda yurt uchun kerakli inson boʻlishini anglatishda muhim ahamiyat kasb etdi.

— Qadim Samarqandni ziyorat qilib, qalbimda ota-bobolarimga, yurtdoshlarimga boʻlgan mehrim ortdi, oilam oldidagi burch va majburiyatlarim koʻz oldimdan oʻtdi, — deydi Javohir Neʼmatov. — Yoshlar ittifoqi kafilligida ozodlikka erishganimdan buyon halol mehnat qilib, toʻgʻri yoʻldan adashmasdan, dunyoqarashimni kengaytirishim, maqsadimni aniq belgilashni oʻylayman. Vaʼda berib aytamanki, Vatanim bergan ishonchni, albatta, oqlayman.

Samarqandga uyushtirilgan sayohat yoshlar qalbida uzoq vaqt saqlanib qolishi, ular bundan keyin ham Yoshlar ittifoqi atrofida birlashib, oilasi, mahallasi, tugʻilib oʻsgan yeriga foyda keltirishga, yangi marralarga erishishga harakat qilishlarini taʼkidlashdi.

Nargiza HAMIDOVA,

Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyat Kengashi

boʻlim mudiri

  • Ulashing: