Yosh huquqshunoslar Kengashining yillik faoliyati sarhisob qilindi

post

2019-yil 20-iyun kuni Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi Yosh huquqshunoslar kengashi nodavlat notijorat tashkilotida yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish, ularni sogʻlom muhitga qaytarish, oʻqish va kasbga yoʻnaltirish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani oʻtkazildi.

Toshkent davlat yuridik universiteti mutaxassislari, Yoshlarga ijtimoiy-psixologik xizmat koʻrsatish markazi psixologlari, huquqshunoslar va yoshlar ishtirok etgan tadbirda Yosh huquqshunoslar kengashi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Yoshlar ittifoqi oʻrtasida imzolangan memorandum ijrosini taʼminlash doirasida yoshlar kafilligi asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo turini tayinlash mexanizmi ijrosi yuzasidan maʼlumot berildi.

Qayd etish joiz, bugungacha adashib jinoyat yoʻliga kirgan, sodir etgan jinoiy qilmishidan chin koʻngildan pushaymon boʻlgan 600 nafardan ortiq yosh Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hududiy kengashlarining yoshlar kafilligi asosida sud zalidan ozod qilinib, ularga sudlar tomonidan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo turi tayinlandi. Ularning 53 nafarini voyaga yetmagan yosh, 30 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Loyiha doirasida Yosh huquqshunoslar kengashi tomonidan viloyatlarning olis tumanlarida joylashgan 20 dan ortiq mahalla fuqarolar yigʻinida davra suhbatlari oʻtkazildi. Shuningdek, joylarda “Huquqiy maslahatxona” burchaklari tashkil qilinib, yoshlar bilan ochiq muloqot qilindi.

Matbuot anjumanida yoshlar kafilligi asosida sud zalidan ozod qilingan yoshlarni sogʻlom muhitga qaytarish, oʻqish yoki kasbga yoʻnaltirish borasida aniq va maqsadli dasturlar ishlab chiqish boʻyicha ishlar tahlil qilindi. Hududlarda yoshlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar va jinoyatlarning erta oldini olish yuzasidan bildirilgan takliflar muhokama qilindi.

Shuningdek, tadbirda Kengash tashabbusi bilan mamlakatimiz turli viloyatlarining olis tumanlarida joylashgan yigirmadan ortiq MFYda ellikdan dan ortiq davra suhbatlari tashkil qilinib, “Huquqiy maslahatxona” burchaklari tashkil etilgani yuzasidan qilingan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Ishtirokchilarning o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga qoniqarli javoblar berildi.

Anjuman doirasida yoshlar uchun psixologik trening tashkil etildi.

  • Ulashing: